Mana issiq kunlar ortda qolib, havo soviy boshlamoqda. Asta-sekin qish fasli kirib kelishi bilan xonadonlarda gazga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib boradi. Bejizga xalqimiz “Yozda kuyungan, qishda suyunar”, deya ta’kidlamagan. Albatta, ushbu so‘zlarning zamirida chuqur ma’no bor. E’tibor qiladigan bo‘lsak, o‘z vaqtida harakatdan tinmasdan mehnat qilgan har qanday inson qish faslida albatta, rohatini ko‘radi. Shu o‘rinda, gaz xodimlarining ish faoliyatiga nazar tashlasak, buning yaqqol ifodasidir. Sababi, gaz tizimida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik allaqachon, bahor faslidayoq boshlanadi.Sizning nazaringizda, gaz xodimlarining ish faoliyati qandaydir erish tuyulishi mumkin. Ammo, ular bo‘lmasa, xonadoningizda nimadir yetishmayotgandek bo‘ladi. Zotan, mazkur kasb egalari xalqning qiyinchiliklari-yu, mashaqqatlarini yengillashtirish yo‘lida tun-u kun izlanib, tinmay mehnat qilmoqda. Ahamiyatlisi, ularning ijobiy faoliyati natijasida fuqarolarning har bir murojaati bee’tibor qoldirilmay, muntazam nazoratga olinib, amalda o‘rganib kelinmoqda. So‘zimiz isboti sifatida, viloyatimizning Chortoq tumanida joylashgan “Do‘stlik” mahalla ahlining yashash sharoiti yordamga muhtoj ekanligi yaqqol sezilib turadi. Soha xodimlari har bir xonadonga kirib, katta-yu kichik bo‘lmasin, shikoyatlarini diqqat bilan tinglab, yetarlicha shart-sharoitlarni yaratib berishga bel bog‘lagan. Jumladan, ushbu hududda diametri 219 mm bo‘lgan 2,1 kilometr gaz tarmog‘ida mukammal ta’mirlash ishlari bo‘lib o‘tdi. O‘z navbatida, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bosimi tushib ketishidan aziyat chekayotgan “Iftixor”liklar bugun ko‘tarinki kayfiyatda. Boisi, mahallaning 0.5 kilometr gaz quvuri rekonstruksiya qilindi. Gaz xodimlarining tinimsiz mehnatlari natijasida tumanda 3000dan ziyod aholining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. Aholinining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, gaz ta’minoti tizimiga zamonaviy texnologiyalarni tadbiq etish orqali xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida “Hududgaza’minot” AJ tomonidan mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida mazkur tabiiy resursga bo‘lgan talabning keskin ortishi, tezkor choralar ko‘rishni taqozo etadi. Xususan, “Hududgazta’minot” AJning 2021 yil “Gaz tarmoqlarini mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi”ga asosan, joriy yil davomida, Namanganda 5737 ta gaz bosimini sozlash qurilmalari texnik taftishdan o‘tkazilib, 26 ta gaz bosimini sozlash qurilmalari esa mukammal ta’mirlandi. Aholini muntazam tabiiy gaz bilan ta’minlash yo‘sinida 224 km gaz quvurlarini bosim ostida sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlari olib borildi, 143 kilometr yer usti gaz quvurlari esa bo‘yoqlandiNamangan shahar — viloyatning eng ko‘zga ko‘ringan maskanlaridan biri bo‘lib, unda 51 mingdan ziyod tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi. Ushbu hududdagi har bir iste’molchining tabiiy gaz ta’minotini bir me’yorda saqlash uchun soha muttassaddilari bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishmoqda. Bugun “Oromgoh” mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining quvonchi cheksiz. Sababi, ularni “zangori yoqilg‘i” bilan ta’minlovchi diametri 159 mm bo‘lgan 0,8 kilometr gaz tarmog‘i mukammal ta’mirlanib, mazkur hududdagi yerli xonadonlardan ajratib qo‘yildi. Natijada, shaharning 1400 dan ortiq aholi xonadonlariga tabiiy gazning bir maromda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi. “Men bu yerda 2001 yildan buyon yashab kelaman. Oxirgi 5 yil ichida kuz-qish mavsumida ko‘p qavatli uylarimizning faqatgina 5 va 4 qavatlarida tabiiy gaz past bosimda bo‘lgan edi. Qolgan qavatlarda esa gaz yonmagan ham. Uy bekalari, ayniqsa, biz ayollar, juda qiynalardik. Mana hozir gazchilarning samarali ishlari tufayli biz bu yilgi kuz-qish mavsumini bexavotir o‘tkazadigan bo‘ldik. Biz bundan juda ham xursandmiz”, deydi mazkur mahallada istiqomat qilayotgan Lolaxon opa.Chindan ham, yuqorida aytganimizdek, shijoatli gaz xodimlari iste’molchilarning manfaati yo‘lida hech tinim bilishmaydi. Ularning maqsadi aniq va yo‘li bir! Ana shunday ezgu ishlar qatoriga Mingbuloq tumanida olib borilgan sa’y-qarakatlarni ham kiritishimiz o‘rinlidir. O‘tgan yillar mobaynida, tumanda gaz bosimi pastligi yuzasidan qilingan murojaatlar ko‘p bo‘lgani hech kimga sir emas. Biroq, endi bu masalalarga birin-ketin yechim topilmoqda. Xususan, tumanning “Oybek” mahallasidagi diametri 114 mm bo‘lgan 1,7 km, “Mustaqillik” mahallasida esa 1,1 km gaz tarmoqlari mukammal ta’mirlandi. Mazkur jarayonlar endilikda Mingbuloqda 1000ga yaqin aholi xonadonlariga tabiiy gaz ta’minoti bir me’yorda yetkazilishiga xizmat qiladi.Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, bugun viloyatimizda 5400 ziyod aholi xonadonlarining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. Bu esa har bir hududning tabiiy gaz ta’minoti borasidagi mavjud muammolariga qaysidir ma’noda yechim bo‘la oladi, deya baralla aytishimiz mumkin. Aholining ehtiyojini qondirish barobarida, ularning roziligini olish barcha soha vakillaridan yuksak mas’uliyat talab etadi. Zero, bu yo‘lda “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.