O‘ZBEKISTON – QUVAYT BIZNES-FORUMI: 250 MLN DOLLARLIK INVESTITSIYA LOYIHALARI

Joriy yilning 15-16-fevral kunlari Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullaev Quvaytga tashrif buyurib, mamlakatning yirik kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tashrif natijasida 250 million dollarlik istiqbolli investitsiya loyihalari kelishib olindi.
Yangi investitsiya loyihalari
“Al Tijaria” (45 mln $) – Toshkent viloyatida 2 000 gektarlik intensiv bog‘ yaratish
Quvaytning yirik kompaniyalaridan biri – “Al Tijaria” bilan 2025-2028 yillarda Toshkent viloyati, Parkent tumani, Nomdanak qishlog‘ida 2 000 gektar adir yerlarda sanoatlashgan intensiv bog‘ yaratish loyihasi kelishildi. Turkiyaning “Göknur” kompaniyasi rahbari Osman Aslanali loyihani o‘rganish va ishlab chiqish uchun mas’ul etib tayinlandi. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan loyiha taklifini tayyorlab, investorlarga taqdim etdi.
“EnerTech Holding” (75 mln $) – Bolalar ozuqasi ishlab chiqarish
Quvaytning “EnerTech Holding” kompaniyasi bilan 75 million dollarlik bolalar ozuqasi ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Maqsad – importni qisqartirish va mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun Ummonning “Atyab International Services” kompaniyasi jalb qilinadi.
“EnerTech Holding” (30 mln $) – Bioetanol ishlab chiqarish
Toshkent viloyatida meva-sabzavot va ayrim o‘simlik chiqindilaridan bioetanol ishlab chiqarish loyihasi ishlab chiqiladi. Investitsiya hajmi – 30 million dollarga teng. Loyihaning asosiy maqsadi qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Eksport hajmini 100 mln dollarga oshirish
Shuningdek, Quvaytning yirik import-eksport kompaniyalari – “Majd Food”, “StarFfruit”, “Al Tijaria”, “Al Imtiaz Group”, “City Market” bilan hamkorlik o‘rnatilib, Fors Ko‘rfazi davlatlariga qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport hajmini 100 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Ushbu forum O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish va eksport salohiyatini oshirishga katta xizmat qiladi!