Jurnalist… Har kim ham bu sohaga jurʼat bilan kirib kelishi oson emas. Osonroq kasblar talaygina. Ayniqsa qizlarimiz kasb tanlayotgan bir paytda ota-onalar: “Jurnalist” boʻlaman, — desa biroz oʻylanib qolishadi. Chunki uning oʻziga xos past-balandliklari bor. Kimlardir boʻhtonlar uyushtirishi, obroʻsizlantirishi mumkin. Va bu jarayonlarni kuzatib turibmiz. Haq va nohaqlik yoʻlida kurashga tayyor boʻlgan MATONATLI qizlargina bu kasbning etagidan tutadi.
Hayotda bir haqiqat bor “Haq egiladi, ammo sinmaydi!” Agar har bir jurnalist ayol oʻz haqiqatiga ega boʻlsa, xolislik bilan yondashsa, tuhmat qilishganda ham, jurnalist sifatida yoʻq qilishga intilishsa ham “Egilish” mumkin, ammo sinib ketmaydi. Ayniqsa bugun mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan erkin soʻz, erkin matbuot uchun keng yoʻl ochilgan bir paytda jurnalist Feruza Najmiddinova atrofida boʻlayotgan jarayonlarga hukumatning eʼtibor qaratishi meni shu qadar hayajonga soldiki, mamlakatimizda chindan ham soha vakillarining erkin ishlash jarayoniga katta imkoniyatlar yaratilgan.
Saida Mirziyoyeva tomonidan “Men Feruzaman” deb alohida taʼkidlanishi, Senat raisi Tanzila Norboyeva, bir qator jurnalist ayollarning qatʼiy munosabati biz jurnalist ayollar yolgʻiz emasligimiz, haq yoʻlida dadil qadam tashlashimiz, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha olishimiz mumkinligini yana bir bor isbotladi. Demak, biz bolalikda bejiz “jurnalist” boʻlamiz deb orzu qilmaganmiz. Bizning orzularimiz Vatan va uning taraqqiyoti yoʻliga xizmat qiladi. Qayerda boʻlmaylik, xolis soʻz uchun yashayveramiz!
Jurnalist ayol –bu oila bekasi, ona, jamiyat faoli!
Shoira Toʻxtaboyeva jurnalist