Joriy yilning 8-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 118 ming nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va ular faoliyatini yagona qoidalar asosida huquqiy tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi.

Qonun imzolanishidan bir necha kun avval, yaʼni 4-avgust kuni Prezident raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, unda davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Ushbu yigʻilishda Davlat rahbari davlat xizmatini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalib, ushbu masala qariyb 30 yildan beri keyinga surilib kelinayotganligini qayd etdihamda mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida ushbu Qonun tayyorlanganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Qonunning ishlab chiqilishi – juda mashaqqatli jarayon boʻlib, 15 ta vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlangan, jamoatchilik vakillari, jumladan, jurnalist va blogerlar ishtirokida 10 dan ortiq muhokamalar tashkil etilgan.

Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorij tajribasi va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalariga tayanildi.

Xususan:

Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Bolgariya, Latviya, Polsha, Estoniya, MDH davlatlari va boshqa mamlakatlarning qonunchiligi tahlil qilindi;

BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro hamkorlik boʻyicha Germaniya jamiyati, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti xulosalari asosida takomillashtirildi

Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat, u matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Qonunning mazmun-mohiyati

Qonun bilan quyidagilar belgilanmoqda:

davlat fuqarolik xizmati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi umumiy qoidalar;

davlat fuqarolik xizmatini tartibga solishda davlat organlarining asosiy vazifa va vakolatlari;

davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi, huquq va majburiyatlari, huquqiy va ijtimoiy himoyasining kafolatlari;

davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni oʻtash va tugatish asoslari;

davlat fuqarolik xizmati tizimida korrupsiyaning oldini olish choralari.

Davlat fuqarolik xizmati – davlat xizmatining bir turi boʻlib, fuqarolarning davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida, davlat organlari vakolatlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi, haq toʻlanadigan kasbiy faoliyat hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmati tizimi – davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan tarzda tanlab olish, hisobga olish, joy-joyiga qoʻyish, ularning mehnatiga haq toʻlash, kasbiy kompetensiyasini oshirish va lavozim boʻyicha koʻtarishning yagona tashkiliy-huquqiy majmuidir.

QONUN KIMLARGA TATBIQ ETILADI?

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi, Qonun aynan ushbu reyestrga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga tatbiq etiladi.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri davlat organlari va tashkilotlarining darajasidan (milliy, respublika, hududiy va tuman) kelib chiqqan holda, malaka talablari asosida tasniflangan lavozimlarning guruhlari hamda toifalaridan iborat.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reeyestri Prezident tomonidan tasdiqlanadi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi.

QONUN KIMLARGA TATBIQ ETILMAYDI?

Prezident, qonunchilik palatasi deputatlari va senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Xalq deputatlari kengashlari deputatlari, Parlament palatalari devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, Sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi aʼzolari, Prokuratura, ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar, bojxona va davlat xavfsizlik organlari va Milliy gvardiya xizmatchilari, Davlat organlari va tashkilotlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish xodimlari.

DAVLAT FUQAROLIK XIZMATINING ASOSIY PRINSIPLARI QUYIDAGILARDAN IBORAT:

davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi;

qonuniylik;

adolatlilik;

xalqqa xizmat qilish;

davlat organlari va mansabdor shaxslarining jamiyat hamda fuqarolar oldida masʼulligi;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

ochiqlik va shaffoflik;

xolislik, professionallik va kompetentlik;

davlat fuqarolik xizmatiga kirishda fuqarolarning teng huquqliligi;

davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi.

DAVLAT XIZMATINI RIVOJLANTIRISH AGENTLIGI OʻZ VAKOLATLARI DOIRASIDA:

davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

davlat fuqarolik xizmati sohasida kadrlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion;

usullarini joriy etadi;

davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi;

davlat fuqarolik xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy koʻrsatkichlar) tizimini joriy qiladi;

davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi.

Qonun bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi maqomiga ega boʻldi.

Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi

Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi – uning huquqlari va majburiyatlari yigʻindisi hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan fuqarolar davlat fuqarolik xizmatchilari deb yuritiladi.

Fuqaro davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan eʼtiboran davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomiga ega boʻladi va faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yoʻqotadi.

DAVLAT FUQAROLIK XIZMATCHISI QUYIDAGI HUQUQLARGA EGA:

bajarilgan ishlarning miqdori, xususiyati hamda sifatiga muvofiq oʻz vaqtida va toʻliq hajmda ish haqi olish;

kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlari uchun ragʻbatlantirilish;

muntazam ravishda malakasini oshirib borish;

mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq boʻlgan ish oʻrniga ega boʻlish;

belgilangan tartibda dam olish;

qonunchilikka muvofiq huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinish, davlat pensiya taʼminotini olish;

davlat organi rahbariyatining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari toʻgʻrisida xabar bergan taqdirda davlat himoyasi bilan taʼminlanish;

oʻzining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsining hurmat qilinishi.

DAVLAT FUQAROLIK XIZMATCHISI QUYIDAGILARGA MAJBUR:

Konstitutsiyaga va boshqa hujjatlarga rioya qilish

oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarish va ichki tartib-qoidalarga rioya etish

manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, begʻaraz va xolis boʻlish

davlat sirlari yoki qonunchilik bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi

talablarga rioya etish

oʻz xizmat mavqeyidan shaxsiy va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanmaslik

daromadlari va mol-mulki toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish

davlat mulkining saqlanishini taʼminlash, oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanish

oʻzining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borish

DAVLAT FUQAROLIK XIZMATCHISI QUYIDAGILARGA HAQLI EMAS:

oʻzaro yaqin yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan aynan bitta davlat organida birga (oʻzaro boʻysunuv va nazorat osti) xizmat qilish

pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanish

tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish

tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etish, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlish

oʻz xizmat vakolatlarini bajarish yoki bajarmaslik evaziga biror bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olish

chet davlat fuqaroligini olish

imtiyozlar va preferensiyalardan oʻz xizmat mavqeyi bilan bogʻliq holda foydalanish

Oʻzbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlarga ega boʻlish, koʻchmas va mol-mulkka egalik qilish

Korrupsiyaning oldini olish

Qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham koʻzda tutilgan. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:

korrupsiyaga yoʻl qoʻyilmaslik

odob-axloq qoidalariga rioya etish

manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish

daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash tizimini joriy etish

sovgʻalar olish va berish tartibini belgilash

ijtimoiy himoya, moddiy taʼminot olish va ragʻbatlantirish.

Davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishi va korrupsion harakatlar (harakatsizlik)ning oldini olishi shart. Agarda u korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi axborotga ega boʻlsa, uning oldini olish uchun barcha zarur choralarni koʻrishi kerak.

Odob-axloq qoidalariga rioya etish – davlat fuqarolik xizmatchilari oʻrtasidagi oʻzaro axloqiy munosabatlar, ularning ishchanlik obroʻsi va xizmatning nufuziga putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlar (harakatsizlik), xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorning asosiy qoidalariga amal qilishni nazarda tutadi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻzining ichki odob-axloq qoidalarini tasdiqlaydi, ularga rioya etilmaslik intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

Davlat fuqarolik xizmatida sovgʻalarga nisbatan munosabatda boʻlish shartlari.

Qonunda belgilangan. Unga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchisi (uning oila aʼzolari)ga bepul berilgan, moddiy qimmatga ega boʻlgan mol-mulk yoki begʻaraz koʻrsatilgan xizmat sovgʻa hisoblanadi.

Vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻalar olish taqiqlanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat safarlari vaqtida, shuningdek, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovgʻalar olishi mumkin.

Manfaatlar toʻqnashuvi – davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy manfaatdorligi uning oʻz xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan vaziyat.

Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi oʻzining rahbariga yoki yuqori turuvchi organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerak.

Bundan tashqari, Qonunda davlat fuqarolik xizmatchisi belgilangan muddatlarda va tartibda oʻz daromadlari hamda mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishi shart ekanligi belgilangan.

Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari siyosiy, boshqaruv va yordamchi lavozim guruhlaridan iborat. Mazkur guruhlarga tegishli lavozimlar Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrida belgilanadi.

Siyosiy guruhga taalluqli davlat fuqarolik xizmatchilarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish tartibi alohida qonun va Prezident qarorlarida belgilanadi. Boshqaruv va yordamchi guruhlarga taalluqli lavozimlarga tanlov asosida tayinlanadi hamda davlat organi rahbari tomonidan lavozimidan ozod qilinadi.

Lavozimlarning guruhlari va toifalaridan kelib chiqqan holda quyidagi malaka darajalari beriladi:

Lavozimlar guruhlar

  • Siyosiy
  • Boshqaruv
  • Yordamchi

Malaka darajalari

  • Rahbar kadrlar
  • Boshqaruv kadrlar
  • Mutaxassislar

Lavozimlar toifalari

  • Oliy darajali maslahatchi
  • 1-darajali maslahatchi
  • 2-darajali maslahatchi
  • 3-darajali maslahatchi
  • 1-darajali xizmatchi
  • 2-darajali xizmatchi
  • 3-darajali xizmatchi
  • 4-darajali xizmatchi
  • 5-darajali xizmatchi
  • 6-darajali xizmatchi

Malaka darajalari izchil tartibda, oliy maʼlumotga va muayyan ish stajiga, malaka oshirish kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikatga, malaka komissiyasining ijobiy xulosasiga ega boʻlgan taqdirda beriladi.

Davlat fuqarolik xizmatida rahbar kadrlar tarkibining barqarorligi va sifatini taʼminlash maqsadida Milliy kadrlar zaxirasi yuritiladi.

Milliy kadrlar zaxirasi – rahbarlik lavozimlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan holda saralab olish, tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirish tizimi hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmatiga kirish

Davlat fuqarolik xizmatiga kirish tanlov asosida lavozimga tayinlash orqali amalga oshiriladi

KIMLAR DAVLAT FUQAROLIK XIZMATIGA QABUL QILINMAYDI?

oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;

muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;

muayyan muddatga davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash huquqidan mahrum;

korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar;

ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati mavjud shaxslar;

sogʻligʻining holati davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash imkonini bermaydigan shaxslar.

Davlat fuqarolik xizmatiga davlat tilini biladigan, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tegishli malaka talablariga va boshqa talablarga javob beradigan fuqarolar qabul qilinadi.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, huquqlarining tengligi kafolatlanadi.

Davlat fuqarolik xizmatini oʻtash muddati lavozimga tayinlangan paytdan eʼtiboran to davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilgan sanaga qadar boʻlgan davrni qamrab oladi.

DAVLAT FUQAROLIK XIZMATINI OʻTASHNING XUSUSIYATLARI:

Faoliyat samaradorligini baholash – davlat fuqarolik xizmatchisini ragʻbatlantirish hamda xolisona va adolatli mezonlar asosida lavozim boʻyicha koʻtarilishini taʼminlash uchun uning faoliyati samaradorligini eng muhim koʻrsatkichlar asosida baholash tizim.

Xizmat boʻyicha koʻtarilish – davlat fuqarolik xizmatchisining oʻz kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirib borishi hisobiga xizmat faoliyatining natijadorligi asosida yuqoriroq lavozimga tayinlash yoki yuqoriroq malaka darajasini berish.

Rotatsiya – shaxsiy va kasbga oid sifatlarni rivojlantirish, faoliyat samaradorligini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish uchun egallab turgan lavozimga teng boʻlgan boshqa lavozimga oʻz roziligi bilan oʻtkazish.

Kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish – davlat fuqarolik xizmatchisining samarali faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan bilimlar, koʻnikmalar va malakalarni egallash maqsadida qayta tayyorlash, malaka oshirish va mustaqil taʼlim olish.

Mehnatga haq toʻlash – bazaviy lavozim maoshi, koʻp yillik xizmat uchun qoʻshimcha toʻlov, malaka darajasi uchun qoʻshimcha toʻlov, eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga erishganlik uchun qoʻshimcha ustama, hisobot davri yakunlari boʻyicha ragʻbatlantirish toʻlovlari.

Ragʻbatlantirish choralari – lavozim maoshiga qoʻshimcha ustamalar, pul mukofoti, navbatdan tashqari malaka darajasini berish, minnatdorchilik eʼlon qilish, qimmatbaho sovgʻa, esdalik yoki koʻkrak nishoni yoxud yorliq bilan mukofotlash.

Intizomiy jazo – lavozim yoʻriqnomasiga va odob-axloq qoidalariga, Qonunda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik intizomiy jazo choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi. Intizomiy jazo choralari quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: hayfsan, oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima, malaka darajasini pasaytirish, lavozimini pasaytirish, egallab turgan lavozimidan ozod qilish.

DAVLAT FUQAROLIK XIZMATCHISINING FAOLIYATI QUYIDAGI ASOSLARGA KOʻRA TUGATILADI:

mehnat shartnomasining bekor qilinganligi;

fuqarolikning yoʻqotilganligi;

faoliyatni davom ettirish imkoniyatini istisno etuvchi jazoga tortilganligi;

lavozimni egallashi uchun yolgʻon axborot taqdim etilganligi;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilganligi;

xizmatni oʻtash bilan bogʻliq cheklovlarga rioya etilmaganligi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining tugatilganligi davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomining yoʻqotilishiga sabab boʻladi.

Davlat fuqarolik xizmatchisining ijtimoiy himoyasi

Davlat fuqarolik xizmatchisini ijtimoiy jihatdan himoya qilish davlat tomonidan amalga oshiriladi va quyidagilar orqali taʼminlanadi:

mehnat taʼtili va ijtimoiy taʼtillar berish;

hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish;

hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash;

davlat pensiya taʼminoti.

Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan asoslarda va miqdorlarda toʻlanadigan barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar tatbiq etiladi.

Davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagi ijtimoiy himoya choralari kafolatlanadi:

tibbiy xizmat koʻrsatish;

rotatsiya tartibida boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga oʻtkazilishi bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash;

xizmat uy-joylari, xizmat transporti bilan yoki uy-joy va transport xarajatlari uchun pulli kompensatsiya bilan taʼminlash.

от Admin