Bu yil jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga 540-yil toʻldi
Ushbu sanani keng nishonlash toʻgʻrisidagi Prezident Qaroriga muvofiq, yubiley doirasida mamlakatimizdagi Bobur nomi bilan bogʻliq obida va qadamjolarni taʼmirlash, shoir merosiga mansub qoʻlyozma, qadimiy kitoblar, sanʼat asarlari va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli darajada saqlash uchun zarur sharoit yaratish, xorijda saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish hamda tadqiq qilish vazifalari belgilangan.
Axsikent Zahiriddin Muhammad Bobur qadamjosi sifatida tabarrukdir. Shu bois har yilgidek, bu yerda viloyat hokimligi, viloyat Madaniyat va turizm boshqarmasi va Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimliklari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat, tuman boʻlimlari, “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi va bir qator hamkor tashkilotlar “Men kim Bobur avlodi” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Ziyoviddin Mansurov olib borgan maʼnaviyat bayramida viloyat teatri sanʼatkorlari, shoir va adiblar Bobur hayoti va ijodini tarannum etdilar. Turli hunarmandchilik va kitoblar koʻrgazmalari, sportchilarning chiqishlari namoyish etildi.
Doshqozonda ehson sumalagi pishirildi. Ziyoratchilar ochiq osmon ostidagi muzeydagi yangiliklar bilan tanishdilar.
Tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuritdinov, Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimi Ahrorbek Mansurov ishtirok etishdi.