JADIDLAR IZDOSHI: XALQARO IQTISOD – ZAMON NAFASIDIR

O‘z davrida dunyoning ilg‘or davlatlari bilan hamohang tarzda rivojlanish, jamiyat hayotini tadrijiy – ma’rifiy yo‘l bilan ijobiy tomonga o‘zgartirish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi edi. Yurtimiz rivoji, so‘nggi yillardagi taraqqiyot va ilmga berilayotgan e’tibor – Is’hoqxon To‘ra Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat kabi ma’rifatparvar jadidlarning zamonaviy izdoshlarini kashf etib, yoshlarga ulkan qanot bag‘ishlamoqda. Ushbu maqolamiz ana shunday yoshlarning biri, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida o‘z obro‘si va mustahkam o‘rniga ega bo‘lib borayotgan iqtisodchi Oybek Egamberdiyev haqida.
Bugun xalqaro maydonda faoliyat olib boruvchi moliyachilarning ahamiyati va mavqei sezilarli darajada ortib bormoqda. Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv va yangilanishlar mamlakatlar, jamiyat va tashkilotlar yuksalishining asosiy omiliga aylangan. Natijada esa xalqaro iqtisodchilarga bo‘lgan talab va taklif yanada ortdi.
Jahon moliyasi haqida so‘z yuritar ekanmiz, iqtisodiy sohada ko‘plab yutuqlarga erishayotgan xalqaro mutaxassislardan biri Oybek Egamberdiyev faoliyatini alohida e’tirof etish joiz. U hozirda ko‘plab xorijiy mamlakatlarda yirik kompaniyalar bilan hamkorlik olib boryapti. Eng asosiysi, tadbirkorlarga moliyaviy savodxonlik va o‘z biznesini rivojlantirish imkonini beruvchi bir qator ma’rifiy loyihalarni yo‘lga qo‘ydi.
Qahramonimiz Oybek Egamberdiyev 1992 yilda Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida tug‘ilgan. 2012-yilda Urganch davlat universiteti, Iqtisodiyot fakultetiga talabalikka qabul qilingan. 2018-yilda Rossiya Federatsiyasining Sank Peterburg shahridagi Politexnika Universitetida o‘qishini davom ettirdi. 2021-yilda mazkur universitetning bakalavr bosqichini, 2023-yilda esa magistrlik bosqichini tamomladi. Talabalik davridanoq u turli kompaniyalarga ishga taklif etildi.
2015-yildan 2022-yilgacha Rossiyaning yirik qurilish kompaniyalaridan biri “Renessans Construction”da o‘z faoliyatini olib bordi. Mazkur tashkilot Oybek Egamberdiyevning 5 yillik faoliyatini va ko‘rsatgan xizmatini munosib baholab, kompaniya qadriyatlariga sodiqlik va ishonch, uzoq yillik professional yondashuv uchun alohida e’tirof etdi. 2022-yilda esa Moskvadagi “Meda Story” kompaniyasi qahramonimizni bosh moliyachi bo‘lib ishlashga taklif etdi. Keyinchalik Oybek Egamberdiyev o’z salohiyatini yirik tashkilotlarning iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratdi. O‘tgan davr mobaynida bir qator qurilish kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik qilib, ko’plab yirik loyihalarda ishtirok etdi. Xususan, 10 dan ortiq B2B, B2C xalqaro shartnomalarni imzolashda qatnashdi.

Mazkur jarayonlar Oybek Egamberdiyevga universallikni o‘rgatdi va turli vazifalarga tezda moslashib ketish qobiliyatini rivojlantirdi. Darhaqiqat, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mas’uliyatni his etish – shaxs barkamolligining asl dalolatidir.


Yuqori malaka va uzoq yillar davomida to‘plangan xalqaro tajriba o‘zining shaxsiy biznesini shakllantirishga muhim omil bo‘ldi. Shu tariqa qahramonimiz 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasining Xorazm viloyatida “EDU-CONSULT” firmasiga asos soldi. Bu albatta kompaniyani rivojlantirish, ta’lim loyihalarini boshqarish va yangi biznes imkoniyatlarini topish uchun mas’uliyatni yanada oshirdi. Mustaqil intilish va shaxsiy tajriba firmaning kelgusi yillardagi muvaffaqiyatini ta’minladi. Bosqichma-bosqich olib borilgan faollik, soha rivojlanishida katta sinov vazifasini o‘tadi.
Kompaniya dastlabki ishini Xorazm viloyatida boshlagan bo‘lsada, keyinchalik butun dunyo bo‘ylab xizmat ko‘rsatmoqda. Qahramonimizning erishgan muvaffaqiyatlari haqida so‘zlar ekanmiz, uning ma’rifatparvarlik borasidagi ezgu faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tish joiz.
Oybek Egamberdiyev asos solgan “Edu-Consult” firmasi, uni muvaffaqiyatlari sari yetakladi. Mazkur ma’rifat ziyosini ulashuvchi kompaniya 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda uchtadan ortiq markazlashgan filiallariga ega bo‘ldi. Ularda 30 ga yaqin malakali mutaxassislar ish yuritmoqda. Abituriyentlarga matematika, fizika, tarix, o‘zbek-tili, ingliz-tili, rus-tillaridan malakali ustozlar mashg‘ulot o‘tishadi. Talabgor o‘quvchilar har yili mahalliy va xorijiy top universitetlarga hujjat topshirib, talabalik baxtiga muyassar bo‘lishmoqda. Xalqaro tajribalardan keng foydalangan holda o‘tilayotgan ta’lim kurslari o‘z ichiga asosiy va ilg‘or bilimlar jamlanmasini qamrab olgan. Bundan tashqari konsalting xizmatidagi malakali mutaxassislar yoshlarni kelajakdagi maqsadi va orzularini ro‘yobga chiqarish borasidagi zarur maslahatlarni bera oladi. Bunda “kelajak uchun birinchi qadam mexanizmi” ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich tushuntirib berilishi yoshlarning katta hayotda chalg‘imay o‘z yo‘lini topishga ko‘mak beradi.

Qahramonimiz faoliyati davomida ellikdan ortiq xalqaro tanlovlar g‘olibiga aylangan. Ularning biri Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) miqyosida tashkil etilgan “Yurt iftixori” xalqaro ilmiy-amaliy tanlovidir. Mazkur tanlovdagi sertifikat Oybek Egamberdiyevga O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga va shon-shuhratni oshirishga munosib hissa qo‘shayotganligi, Vatanimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtiroki, kasbiga fidokorona sadoqatli mehnati hamda o‘z sohasidagi yutuqlari uchun berilgan e’tirof desak mubolag‘a emas.

Shuningdek, Niderlandiyaning “Biznesni boshqarish, iqtisodiyot va strategiyalar bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar jurnali” Oybek Egamberdiyevning “Xalqaro savdo siyosatlari va iqtisodiyot rivojlanishi” mavzusida olib borgan ilmiy tadqiqotlarini munosib baholadi. Jurnal tomonidan berilgan xalqaro sertifikat esa so’zimiz tasdig’idir.
Xalqaro miqyosidagi Engineering News Record (ENR) tashkiloti har yili “Dunyoning eng yirik xalqaro pudratchi kompaniyalari” ro‘yxatini e’lon qilib boradi. Oybek Egamberdiyev jamoasi 2021-yilda mazkur ro‘yxatning “Top 250” ro‘yxatidan joy oldi, Renaissance Construction reytingda 28-o‘rinni, Yevropada “Xalqaro pudratchilar” ro‘yxatida esa 9-o‘rinni egalladi.
2022-yilda Amerika biznes menejmenti, iqtisodiyot va bank ishi jurnali bosh muharriri Sofiya Garsiya tomonidan “Davlat qarzi tahlili: fiscal ta’siri va strategiyalari siyosati” nomli maqolasi uchun sertifikat bilan taqdirlandi.

Yorliqlar va yutuqlar, mukofotlarga to‘la bo‘lgan mazkur ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin, e’tiborli jihati esa Oybek Egamberdiyev bugun o‘z faoliyatini davom ettirib, katta marralar, muvaffaqiyatlar sari intilmoqda. Qahramonimiz iqtisodiyot, moliya va menejment sohasi bilan bir qatorda yoshlarga ta’lim berish, ularning ham o‘z maqsadi va orzularini ro‘yobga chiqarish borasida tinimsiz mehnat qilyapti. Bu albatta sharaf, qolaversa, jadid ota-bobolarimizning ana shunday bilimli izdoshlari bugun O‘zbekiston nomini dunyoga tanitmoqda.
Eldorbek Madatov, jurnalist