Popular Posts

Madaniy meros agentligi “Milliy tiklanish” partiyasiga oʻz pozitsiyasini tushuntirib qoʻydi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirovning Madaniy meros agentligiga bildirgan e’tirozlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Toshkent shahri, Bobur ko‘chasi, 7-uy manzilida joylashgan bino yuzasidan bildirilgan jamoatchilik fikrlari munosabati bilan o‘z pozitsiyasini tushuntirishni zarur deb hisoblaydi. 

Xususan, mazkur madaniy meros obyektiga nisbatan uni buzish mumkinligi, “hech kimga kerak emasligi” va “rus rassomining uyi ekani” sababli “Bizga nima keragi bor?” degan mazmunda fikr bildirildi.

Shu munosabat bilan Agentlik bir muhim tamoyilni alohida ta’kidlaydi:

Madaniy meros obyektiga “bugun bizga kerakmi yoki kerak emasmi?” degan mezon bilan baho berilmaydi. Masalan, Bobur ko‘chasi, 7-uydagi bino 1935-yilda qurilgan, ochiq tarixiy va ilmiy materiallarida mazkur bino Toshkent shahrida faoliyat yuritgan taniqli me’mor Aleksey Viktorovich Shchusev nomi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Biroq binoning tarixi faqat uning me’mori bilan ham cheklanmaydi. Turli yillarda bu yerda O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olim va professorlar — jumladan, akademiklar Toshmuhammad Qori-Niyoziy, Vasiliy Shishkin, shuningdek, Rahim Atajonov, Natan Mallayev kabi mutaxassislar yashagan.

Demak, gap shunchaki eski turar joy binosi haqida emas. Ushbu bino tarixi XX asrda Toshkent shahrida me’morlik, ilm-fan va shahar madaniyatining rivojlanishi bilan bog‘liq. Binoning me’moriy yechimi XX asrning birinchi yarmida Toshkent shahrining tarixiy shahar muhiti shakllanishi nuqtai nazaridan ham qiziqish uyg‘otadi.

Obyektning huquqiy maqomi tarixi ham alohida ahamiyatga ega. 

2020-yilda Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan mazkur binoni “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxatiga”ga kiritish masalasi ma’qullangan. 2021-yilda obyektni Milliy ro‘yxatdan chiqarish taklifi rad etilgan. Bugungi kunda bino moddiy madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasida turibdi. Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimining 2018-yil 30-oktabrdagi 1550-son qarori bilan “UNIVERSAL PACKING MASTERS” MChJga mazkur manzildagi mavjud turar va noturar binolarni buzish hamda ushbu hududda ko‘p qavatli turar joy binosi qurish uchun yer maydoni ajratilgan. Agentlik o‘rganishlari davomida mazkur qaror binoning moddiy madaniy meros obyekti sifatidagi huquqiy maqomi belgilanishidan oldin qabul qilingani aniqlangan.

Bunday bayonotlar madaniy merosni asrashdek professional masalani huquqiy va ilmiy maydondan milliy qarama-qarshilik maydoniga olib chiqishi mumkin. Bu esa jamiyatda ortiqcha ijtimoiy taranglikni keltirib chiqarishi ehtimolini yuzaga keltiradi. Biz madaniy merosni milliy ajratish obyektiga aylantirishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Madaniy meros — umumiy tariximizning bir qismi. U bir millatga tegishli emas va u bilan bog‘liq insonning kelib chiqishi tufayli “begona” bo‘lib qolmaydi.

Bizning vazifamiz — bugun qaysi tarixiy obyekt kimga “kerak” yoki “kerak emas”ligini hal qilish emas. Bizning vazifamiz — uning tarixiy va madaniy qiymatini aniqlash hamda qonun va professional ekspertiza asosida uning saqlanishini ta’minlash. Bugun “Bu uy bizga nima uchun kerak?” deb so‘rash mumkin. Ammo ertaga jamiyat bizdan: “Sizga ishonib topshirilgan tarixni saqlab qolish uchun nima qildingiz?” deb so‘rashi mumkin. Shuning uchun Agentlik bundan keyin ham shaxsiy qarashlarga emas, qonunga, ilmiy ekspertizaga va madaniy merosni kelajak avlodlar uchun asrash tamoyiliga tayanadi.

Gap faqat bitta bino haqida emas. Gap — o‘z tariximizga qanday munosabatda bo‘lishimiz haqida. Toshkent tarixini turli me’moriy maktablar, ilmiy an’analar va o‘nlab yillar davomida shahar qiyofasini shakllantirgan turli madaniyatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu tarixning ayrim sahifalarini ular boshqa millat vakillari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun o‘chirish — Toshkentning o‘z tarixini sun’iy ravishda kambag‘allashtirishdir. Shuning uchun savol “Bu uy bizga nima kerak?” tarzida emas, avvalo, “Ushbu obyektning tarixiy va madaniy qiymati nimada va uni qonun talablari asosida saqlab qolish uchun biz nima qilishimiz kerak?” tarzida qo‘yilishi lozim.

 Agentlikning javobi esa aniq: professional, huquqiy va ilmiy asoslangan. Madaniy merosning millati bo‘lmaydi. U — tarix. Tarix esa “o‘zimizniki” va “begonaniki”ga bo‘linmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi axborot xizmati