Popular Posts

Kiberxavfsizlik – barchamizning mas’uliyatimiz!

Bugun «Maxsustrans ishlab chiqarish boshqarmasi» davlat korxonasida «Xavfsiz va sog’lom yurt oyligi» doirasida xodimlar o’rtasida kibermadaniyatni yuksaltirish va axborot xavfsizligi bo’yicha targ’ibot uchrashuvi tashkil etildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda xodimlarda internet va axborot resurslaridan ongli, mas’uliyatli hamda xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish, shuningdek, kiberxavfsizlikka oid tahdidlar yuzasidan ogohlikni oshirishdan iborat bo’ldi.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi Rekrutment bo’limi boshlig’i, polkovnik Umidjon Hamdamov hamda Uchtepa tumani Ichki ishlar bo’limi Kiber jinoyatlarga qarshi kurashish bo’limi xodimi Sherzod Bekmetovishtirok etib, zamonaviy axborot makonida kibermadaniyatning o’rni va ahamiyati, shaxsiy ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish, kuchli parollardan foydalanish, ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish, shubhali havolalar va soxta xabarlarga nisbatan hushyor bo’lish kabi muhim masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar berdilar.

Mutaxassislar bugungi kunda kiberxavfsizlik faqat texnik vositalar bilan emas, balki har bir foydalanuvchining yuksak kibermadaniyati, raqamli savodxonligi va shaxsiy mas’uliyati orqali ta’minlanishini alohida ta’kidladilar. Shu bois har bir xodim axborot xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishi, internet tarmog’idan foydalanishda ogoh va mas’uliyatli bo’lishi zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga kibermadaniyatni rivojlantirish va axborot xavfsizligini ta’minlashga oid eslatma hamda targ’ibot materiallari tarqatildi. Tadbir yakunida xodimlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi, ochiq muloqot esa ishtirokchilarning mavzu bo’yicha bilim va tushunchalarini yanada boyitishga xizmat qildi.