Oʻzbekistonda tadqiqotchilarga qoʻyilgan talablar orasida xorijiy tan olingan va OAKdan roʻyxatdan oʻtgan jurnallarda maqola chop etish majburiyati ham bor. Bu holat shu yoʻnalishda xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan nodavlat bosma va elektron nashrlar, ilmiy markazlarning koʻpayishiga olib keldi. Elektron va bosma nashrlar maʼlum haq evaziga maqolalarni chop etishni taklif qilsa, ilmiy markaz maqomidagi NNTlar turli anjumanlar tashkilotchisi sifatida maydonga chiqmoqda. Tekinga emas, albatta. Jurnallar hatto maqolani chop etish bilan cheklanmay, muallifni koʻkrak nishon va medallar bilan taqdirlash yoʻlini ham tutishgan. Bu tadqiqotchi uchun yaxshi ragʻbat boʻlishi mumkin, ammo masalaning ikkinchi jihati bor: ilmiy jurnal maqomini daʼvo qilayotganlar, oʻzini ilmiy markaz, xalqaro ilmiy uyushma kabi jarangdor nomlar bilan atayotganlar faoliyati aslida ham shu mezonlarga toʻgʻri keladimi? Ular xalqaro va yoki hechqursa mahalliy darajada tan olinganmi? Ularda izlanuvchining maqolasi chop etilsa, taʼsis etgan mukofotlar bilan taqdirlansa yoki anjuman gʻolibiga aylansa, qanday naf boʻladi muallifga?
Oʻrganishlar davomida eʼtiborimizni tortgan jihat, nodavlat tashkilot maqomidagi bu kabi firma yoki markazlar oʻz eʼlonlarida davlat tashkilotlari, oliy oʻquv yurtlarini hamkor sifatida tanishtirmoqda. Goʻyoki davlat mukofotlariga nomzodlar, ustama olishni xohlagan oʻqituvchilar, davlat stipendiyalarga daʼvogar talabalarga maqolalari shu jurnalda chop etilsa, tanlov hayʼati tomonidan tan olinishiga urgʻu berilmoqda. Albatta, maʼlum haq evaziga.
Aslida bu amaliyot dunyo miqyosida ancha keng ommalashgan. Masalan, avvalroq Rossiyaning mana shunday tashkilotlaridan bir qanchasi Oʻzbekistondagi maktab oʻquvchilariga har xil yoʻnalishda faxriy yorliqlar joʻnatishi urf boʻlgandi. Oʻquvchining bilimdonligini “tasdiqlaydigan” bu jimjimador “pdf hujjat” internet orqali yoʻllangan va buning uchun qandaydir xarajatlar uchun “arzimas” haq soʻraladi. Farzandining “aqlli ekanini isbotlovchi hujjat”ni olib, el oldida koʻz-koʻzlash istagida yonayotgan ota-onalar bu kichik xarajatchaga koʻz yumib toʻlab yuboraverishadi.
Bolalar-ku, mayli, bola deysiz, hatto kattalar oʻrtasida ham xorijiy davlatlarning nomi chiqmagan yoki umuman amalda boʻlmagan “tashkilotlari”ning “faxriy professori”, “akademik” kabi unvonlarini sotib olib, omma orasida kerilib yurishlariga oʻqtin-oʻqtin guvoh boʻlamiz…
Bu amaliyot endi mahalliylashgandek, nazarimizda. Misol uchun, Namangan viloyatida tashkil etilayotgan “Taraqqiyot bunyodkori” nomli koʻrik-tanlov ham ana shundaylardan biri. Tanlov haqidagi eʼlonga koʻz yugurtirsangiz, bir qator davlat tashkilotlari, jumladan, Namangan viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari, siyosiy partiyalar viloyat kengashi, Yoshlar ittifoqi hamda Iqtidorli talabalar ilmiy-amaliy markazi hamkor sifatida qayd etilgan. Lekin Yoshlar ittifoqi Namangan viloyat boʻlimi rahbari Azizbek Toshmatovdan bu haqda soʻraganimizda, mutlaqo bexabarligini taʼkidladi.
Qolaversa, shishirib yozilgan tanlov eʼlonida na maqola chiqadigan jurnal nomi, na uning taʼsischisi haqida toʻliq maʼlumot mavjud. Murojaat uchun qoldirilgan manzil maʼmuri bilan bogʻlanganimizda yuborilgan maqolalar kengash aʼzolari tomonidan koʻrib chiqilib, OAK roʻyxatidan oʻtgan jurnalda chop etiladi, degan mazmundagi javob oldik. Boshqa maʼlumotlar esa taqdimot kuni ochiqlanarkan. Ayni shu tadbirda mualliflarga tashakkurnoma, esdalik koʻkrak nishoni va guvohnoma ham taqdim etilishi aytildi. Lekin kengash aʼzolari kim, jurnal nomi nima, mukofotlarni kim topshiradi, eng muhimi, bu tanlov gʻolibligi qanday, kimlar tomonidan aniqlanadi, necha nafar gʻolib boʻladi, ular qanday imtiyozga erishadi, kabi savollarga javob boʻlmadi.
“Oʻzbekistonda ta’lim” respublika pedagoglar jurnali ham ilmiy, publitsistik maqolalar, metodik tavsiyalar va badiiy ijod namunalari chop etishga ixtisoslashgan. Bu oynomada maʼlum haq evaziga chop etilgan ijodiy ishlar uchun mualliflarga sertifikat va diplom taqdim etiladi. Eng yaxshi mualliflar yoʻnalishiga koʻra, “Ta’lim fidokori”, “Iste’dod” koʻkrak nishoni yoki “Ehtirom” medaliga tavsiya etiladi. Bundan mualliflarga qanday naf boʻladi, biror imtiyoz mavjudmi, singari savollarimiz jurnal xodimlari tomonidan javobsiz qoldirildi. Ajablanarlisi, nomlanishida xalqaro darajada deya taʼriflangan, olimlar, doktorantlar, talabalarning maqolalarini qabul qilib, koʻplab toʻplamlar chop etilgan jurnalda tahrir hayʼati yoʻq. Buni qanday tushunish mumkin? Demak, pulini bersa, xohlagan maqolani eʼlon qilish va koʻkrak nishoni olish mumkin, deganimi bu?
Nomzodlardan ilmiy maqola, rasm, anketa yuborishlari soʻralgan “Ilmiy salohiyatni yuksaltirishdagi xizmatlari uchun” tanlovida esa hujjatlarni tashkiliy qoʻmita koʻrib chiqadi, deyilgan. Ammo qoʻmitasi haqida biror joyda maʼlumot topolmaysiz. Va bu “ilm musobaqasi”da ham oʻsha eski ashula – maʼqul deb topilgan nomzodlar esdalik nishon, maxsus guvohnoma, qimmatbaho sovgʻa, maqolalar toʻplami bilan taqdirlanadi.
Shu kabi yana bir nechta tanlovlarni koʻzdan kechirib chiqqanimizda holatlar, shartlar, mukofotlar bir xil ekaniga guvoh boʻldik. Misol uchun, “Taʻlim sohasidagi xizmatlari uchun” tanlovi xalqaro ilmiy-amaliy MDH koʻrik-tanlovi sifatida taʼriflangan boʻlib, ishtirokchi oʻz ishini ingliz, rus, oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, ukrain, turk tillarida yuborishi mumkin. Bunda ham gʻoliblarga oʻsha-oʻsha quruq nishon-u diplomlar topshiriladi.
“Research and publications” maʼsuliyati cheklangan jamiyati “Taʼlim tizimida innovatsion yondashuvlar: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etgan. Eʼtirozli jihati, nomzodlardan yigʻilgan maʼlum haq evaziga oʻtkazilgan bu anjumanda Sirdaryo viloyati maktablari oʻqituvchilari ham ishtirok etgan va taqdirlash marosimiga borib-kelish xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi koʻrsatilgan. Tabiiyki, bu kabi rasmiy “tan olinishlar” ortidan ilmiy markazga oʻqituvchilarning ishonchi ortishi, tanlov-u tadbirlarida qatnashish xohishi kuchayishi aniq. Ishtirok etish oʻz yoʻliga, lekin nomzodga nima beradi bu?
Shu kabi mulohazalar ortidan tugʻilgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat etdik. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Azimning maʼlum qilishicha, bu kabi tanlovlar orqali koʻkrak nishon va medallar, jumladan, “Ilm-fan iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish boʻyicha hech qanday normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan. Matbuot kotibiga koʻra, “Ilm-fan iftixori” va boshqa koʻkrak nishon hamda medallarni taʼsis etish yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga hech qanday taklif kelib tushmagan. Mazkur munosabatdan ham anglash mumkinki, vazirlik amalda bu kabi nodavlat markazlar bilan hamkor emas. Eng muhimi, soxta jurnallarda maqolasi chop etilgan talaba va oʻqituvchilar hech qanday imtiyozga ega boʻlmaydi. Koʻkrak nishon va medallar ham rasmiy tan olinmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharafovaning taʼkidlashicha, tizimda ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar, yosh tadqiqotchilar tomonidan yozib, eʼlon qilinadigan ilmiy maqolalar saviyasiga juda katta eʼtibor qaratiladi. “Reklama va PRga asoslangan har xil gazeta va jurnallar hamda ularda eʼlon qilinadigan materiallar olimlarimiz tomonidan tan olinmaydi. Ilmda asos va izlanish samarasi boʻlishi lozim. Bir soʻz bilan aytganda, Fanlar akademiyasining turli nodavlat ilmiy markazlar va jurnallarga ehtiyoji yoʻq. Ular bilan hamkorlik ham oʻrnatmagan”, dedi u.
Bunday tanlovlarda gʻoliblik va jurnallarda maqolasi chop etilishi oʻqituvchiga ustama uchun imtiyoz beradimi, degan savolimizga esa Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova quyidagicha javob berdi:
– Ilgari oʻqituvchi ustama olish uchun, albatta, biror jurnal yoki gazetada maqolasi chiqqan boʻlishi kerak edi. Chunki Vazirlar Mahkamasining 823-sonli qarori boʻyicha pedagogdan baholanayotgan oʻquv yilida ommaviy axborot vositalari, taʼlimga oid veb-saytlardagi chiqishlari, ilmiy-metodik jurnallar va turli anjumanlarda maqola, tezis, konsepsiya hamda istiqbolli rejalari bilan qatnashish orqali taʼlim-tarbiya jarayonini yanada yaxshilashga oid ishlari boʻlishi talab etilardi. Endilikda qarorga oʻzgartirish kiritilgan va bu talab bekor boʻlgan. Oʻqituvchilarga xizmat safari xarajatlarini qoplab berish esa belgilangan tartiblarga koʻra amalga oshiriladi. Nodavlat tashkilotlarning turli tadbirlarida qatnashish xarajatlarini davlat mablagʻlari hisobidan qoplash holati qonunga zid hisoblanadi.
Koʻrinib turibdiki, biz yuqorida sanagan va shunga egizak juda koʻp tanlovchalar, norasmiy jurnallarning aksar maqsadi bitta – tashkilotchilarning moddiy manfaatdorligi. Zamona tilida aytsak, bu ilm-fan niqobidagi biznes – “loxotron”, xolos. Ularning qarmogʻiga ilinayotganlar orasida nomdor stipendiyalar sohiblari, ilmiy tadqiqot ishi olib borayotgan bilimli talabalar ham borligi achinarli. Ilm yoʻlida aldov boʻlmaydi, deyishadi. Chunki bunday soxtagarlik sizni va ilmingizni botqoqqa botirishi turgan gap. Yaxshisi, sinalmagan otning sirtidan oʻtmang. Tepkisi ogʻir kelmasin.
Xayrullo ABDURAHMONOV.
Oyna.uz