KONSTITUTSIYA NORMALARINI TO‘GʻRIDAN-TO‘GʻRI QO‘LLASHNING DOLZARBLIGI VA AHAMIYATI

1992 yil 8 dekabrda mustaqil davlatchiligimizning huquqiy poydevori sifatida qabul qilingan Konstitutsiyamiz mamalakatimiz suvereniteti, inson xuquqlari va manfaatlarini himoya qiluvchi oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun hujjati bo‘lib maydonga chiqdi. Vaqt o‘tishi, inson qadri tamoyilining oliy darajaga ko‘tarilishi, konstitutsiyamizni tubdan isloh qilish zaruratini taqazo qildi.
Xalqimiz tomonidan qayta-qayta muhokama qiliniib, 2023 yil 30 aprel kuni referendum asosida qabul qilingan Bosh Qomusimiz to‘g‘ridan – to‘g‘ri amal qiladigan ilk Asosiy qonun ekanligi bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va huquqiy makonning asosini tashkil qiladi.
Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-tug‘ri amal qilishi davlat organlari, tashkilotlar, muassasalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolarning Konstitutsiya normalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishi va majburiyatlarga rioya etishini nazarda tutadi.
Ahamiyatlisi, muayyan munosabatlarni qo‘llash bo‘yicha alohida qonunchilik hujjatlari mavjudligi yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, konstitusion normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinishiga erishildi.
Jumladan, fuqarolar muayyan huquqlaridan foydalanmoqchi bo‘lganlarida davlat organlari “mazkur munosabatlar tartibga solinmaganligi yoki maxsus normalar ishlab chiqilmaganli” vajini konstitutsiyada mavjud normalarga nisbatan qo‘llay olmaydilar.
Xorijiy davlatlar Konstitutsiyasiga nazar solar ekanmiz, Rossiya, Bolgariya, Polsha, Ukraina, Qozog‘iston Konstitutsiyalarida konstitutsiyaviy normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi belgilab qo‘yilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Masalan, 1993 yilda qabul qilingan Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 15-moddasida Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi hamdato‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi mustahkamlangan.
Shuningdek, Polsha Konstitutsiyasining 8-moddasida, Bolgariya Konstitutsiyasining 5-moddasida, Qozog‘iston Konstitutsiyasining 5 – moddasida Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi nazarda tutilgan.
Barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi vakolatli davlat organlari tomonidan konstitutsiyaviy normalarning bevosita qo‘llanilishi va ijrosi ta’minlanishini anglatadi.
Ma’lumki, fuqarolar huquq va erkinliklarini muhofaza qilishda sud organlari muhim o‘rin tutadi. Binobarin, sudlar va boshqa organlar qaror qabulqilganida Konstitutsiyaga tayanishi majburiyhisoblanadi.
Xususan, 2023 yil 23 iyun kuni “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Plenum qarorining qabul qilinishi sud amaliyotida Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha dasturamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qaror bilan sudlar Konstitutsiya normasini tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmaganligi vaji bilan qo‘llashni rad etishiga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlab qo‘yildi.
E’tiborlisi, 2023 yil 1 mayga qadar qabul qilingan birinchi instansiya sudining sud hujjatlari yuqori instansiya sudlari tomonidan qayta ko‘rilayotganda ularda qo‘llanilgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiya normalariga mos kelmasligi aniqlanishi sud hujjatlarini o‘zgartirish yoki bekor qilinishiga olib kelmaydi.
Shuningdek, endilikda idoraviy normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiya prinsip va normalariga zidligi uni Oliy sud tomonidan manfaatdor shaxsning arizasiga asosan to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘ladi.
Muhimi, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalariga zid bo‘lganligi aniqlangan taqdirda sudlar tomonidan faqatgina Konstitutsiyaning tegishli normalari qo‘llanilishi lozimligi belgilandi.
Bu, birinchidan, Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega hujjat sifatida huquqiy maqomini kafolatlasa, ikkinchidan, sud amaliyotida konstitusion normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ridan amal qilishi mexanizmini o‘zida ifoda etadi.
Savol tug‘iladi: Sudlarda Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi nimaga kerak?
Shubhasiz, bu sudlarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi prinsipiga hamohang bo‘lib, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilinishiga olib keladi. Konstitutsiyaga muvofiq kelmaydigan qonunchilik hujjatini qo‘llashga chek qo‘yilishi oqibatida inson huquqlarini ishonchli himoya qilish ta’minlanadi.
Mazkur holat shubhasiz, sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarini amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llay olish hamda adolatli qarorlar qabul qilinishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi natijasida sud amaliyotida yuridik kuchidan qat’i nazar, faqat Konstitutsiyaga mos keladigan qonunchilik hujjati qo‘llanilishiga erishiladi.
Bu esa, faqat Konstitutsiyaviy sud emas, balki, barcha umumyurisdiksiya sudlariga tor doirada qonunchilik hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini belgilash vakolatini taqdim qiladi.
Shuningdek, qonunlar va qonunosti hujjatlaridagi bo‘shliqlarni, qarama-qarshiliklarni Konstitusion normalar orqali aniqlashtirishga zamin yaratadi, xalqimizning xuquq tizimi, xususan, odil sudlovga nisbatan ishonchini mustahkamlaydi.
Шерзодбек КАРИМОВ
Namangan tumanlararo
ma’muriy sudi sudya yordamchisi
Бобуржон ХУСАНБОЕВ
Namangan tumanlararo
ma’muriy sudi sudya yordamchisi