DAVLAT IJROCHISINING QARORLARI USTIDAN SHIKOYAT QILISHTARTIBLARINING O‘ZIGA HOS HUSUSIYATLARI

Annotatsiya. Ushbu maqola sud hujjatlarini ijro qilish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, maqolada ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atishdan boshlab,ijro ishi yuritishni tamomlash jarayonidagi davlat ijrochisining qonunga xilof xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilishning tartib-taomillari va boshqa normativ-huquqiy asoslari o‘rganilgan. Mazkur sohada jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga taklif va hulosalar berilgan.
O‘zbekiston Respublikasida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun doirasida davlat ijrochisining qarorlari va xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish jarayonida bir qator muammolar yuzaga kelishi mumkin. Quyida asosiy muammolarni ko‘rib chiqamiz.
Shikoyat berish muddatlari bilan bog‘liq muammolar. Muddatlarning qisqaligi.
Axborot yetib kelmasligi. Ba’zida ijro harakatlari haqida tarafga kech xabar berilishi yoki umuman xabar qilinmasligi mumkin. Bu holat shikoyat muddatini o’tkazib yuborishga olib keladi.
Muddati o‘tgan taqdirda tiklash muammosi.Shikoyat muddatini o‘tkazib yuborgan holatda uni tiklash uchun uzrli sabablarga ega bo‘lish va buning isbotini taqdim etish kerak bo‘ladi, bu esa amalda murakkab bo‘lishi mumkin.
Davlat ijrochisi yoki yuqori turuvchi organning sustligi, shikoyatni ko‘rib chiqishdagi kechikishlar. Shikoyat yuqori turuvchi davlat ijrochisiga yoki sudga yuborilgach, uni ko‘rib chiqish muddati qonunda ko‘rsatilgan bo‘lsa-da (odatda 10 kun ichida), amalda bu uzoq davom etishi mumkin.
Huquqiy savodxonlik pastligi. Fuqarolar va ba’zan hatto yuridik shaxslar (vakillari) ijro huquqiy tartib-taomillarini yaxshi bilmaganliklari sababli qaysi organ yoki sudga murojaat qilish kerakligini noto‘g‘ri belgilaydilar.
Davlat ijrochilari qarorlari va harakatlari haqida taraflarga axborot yetib kelmasligi holatlari ham mavjud. O‘zbekiston Respublikasida ijro huquqiy tizimi taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi samaradorligini oshirish borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq, amaliyotda ayrim tizimli muammolar, jumladan, ijro harakatlari haqida taraflarga axborot yetib kelmasligi holatlari fuqarolarning huquqlarini samarali himoya qilishga to‘sqinlik qilmoqda. Muammo mohiyati shundaki, davlat ijrochisining qarori yoki harakati haqida taraf o‘z vaqtida xabardor bo‘lmagani sababli, shikoyat qilish uchun qonunda belgilangan 10 kunlik muddatni o‘tkazib yuboradi. Ijro harakati amalga oshirilgach, uni qayta tiklash yoki bekor qilish deyarli imkonsiz bo‘ladi va shaxsiy va mulkiy huquqlar buziladi.
2007-yil 1 noyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi sud departamentining sud qarorlarini ijro etish, moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-722-son-qarori bilan yuqorida qayd etilgan PQ-458-sonli qarorning ijrosini taʼminlash yuzasidan sud ijro tizimini tashkiliy va tuzilmaviy jihatdan oʼzgartish boʼyicha bir qator chora-tadbirlar koʼrilgan. Shu asosda ijro yig‘imi joriy etilgan bo‘lib, Ijro yigʻimi — bu davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish uchun qoʻllaniladigan majburiy pul undiruvi hisoblanadi. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunning 771-moddasida belgilangan. Amaliyotda ijro yigʻimini qoʻllash bilan bogʻliq bir qator muammolar mavjud.
Ijro yigʻimi belgilanishidagi adolatsizlik. Qonun asosida qarzdordan undiriladigan ijro yigʻimi doimiy tarzda maksimal miqdorda belgilanadi, shart-sharoitga, ixtiyoriy to‘lovga urinish holatiga qarab yumshatmaydi. Bu esa qarzdorga nisbatan qo‘shimcha moliyaviy bosim hisoblanadi.
Nafaqaxo‘rlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki vaqtincha ishsizlar ham bir xil tarzda, maksimal miqdorda ijro yig‘imiga tortiladi. Bu ijtimoiy adolat tamoiliga zid.
Ijtimoiy zaif qatlamlar uchun yigʻimdan ozod qilish yoki imtiyozlar berish imkoniyatini ko‘rib chiqib kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa ehtiyojmand toifa fuqarolar uchun ijro yigʻimi undirilmasligi yoki kamaytirilishi tartibi qonun bilan belgilanishi zarur.
Bundan tashqari, Qonunning 771-moddasida Davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjatlarini majburiy ijro etish bo‘yicha harakatlar amalga oshirilganligi uchun qarzdordan ijro yig‘imi undirilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda berilgan ixtiyoriy muddat o‘tishi bilan majburiy ijro harakatlari olib borilgan yoki okib borilmaganidan qat’iy nazar ijro yig‘imi undirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Madraximov Faxriddin Adxamjon o’g’li
Namangan tumanlararo ma’muriy sudiraisi
Abduvaliyev Muhammadusmon Abdumajidovich
Namangan tumanlararo ma’muriy sudi sud‘yasi