Ochig‘i, quyida bayon etadigan fikrlarim bir necha yillardan buyon xayolimni band etib kelar, ammo tuman xalq ta’limi bo‘limlarida faoliyat yuritadigan ustoz va shogirdlarim, hamkasblarim yuz-xotiri uchun bu fikrlarimni bayon etishdan o‘zimni tiyib kelar edim. Ammo 2022-yil 4-mart kuni bo‘lib o‘tgan bir voqea sabab, mazkur masala yuzasidan o‘z mulohazalarim bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.

Hozirgi vaqtga kelib axborot — kommunikatsiya texnologiyalari shu darajada yuqori cho ‘ qqiga ko ‘ tarildiki , dunyoning turli nuqtalarida , bir — biridan o ‘ n minglab chaqirim masofada turgan insonlar xuddi bir xonada o ‘ tirgandek yig ‘ ilish o ‘ tkazishi , bir — birlari bilan bahslashishi , tortishishi , savol berishi , javob olishi oddiy holga aylandi . O ‘ nlab sahifalardan iborat hujjatlar bir lahzada yuzlab chaqirim emas , minglab yoki o ‘ n minglab chaqirim masofaga yetib boradi va kompyuter yoki telefon ekranida paydo bo ‘ ladi .

Mamlakatimizda ham turli tashkilot va muassasalar o ‘ rtasida elektron hujjatlar aylanishi yo ‘ lga qo ‘ yilib , turli   videoselektorlar , onlayn yig ‘ ilish va konferensiyalar o ‘ tkazish odatiy ish jarayoniga aylanib ulgurdi . Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda ham elektron hukumat muvaffaqiyatli joriy etib borilmoqda. Ammo…

Ammo bu jarayonga zimdan qarshi bo‘lgan yoki uning imkoniyatlaridan foydalanishdan ko‘ra, eski an’anaviy, konservativ uslublarda boshqarishni, qo‘l ostidagilarga hukmronligini o‘tkazishni yaxshi ko‘radigan xodimlar va rahbarlar ham talaygina. Buni bir tashkilot, tumanimiz Xalq ta’limi bo‘limi misolida ko‘rsatib berishga harakat qilaman.

Xalqimizning “Besh qo‘l baravar emas” degan maqoli bor. Bir tashkilotda ishlaydigan xodimlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanishga turlicha munosabatda bo‘lishini kuzatib bu maqolning naqadar to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ldim. Fikrimni misollar bilan asoslashga harakat qilaman.

Tuman xalq ta’limi bo‘limlarida faoliyat yuritadigan asosiy va ko‘p sonli xodimlar bu metodistlar, ya’ni fan uslubchilaridir. Metodistlarning asosiy vazifasi o‘z fani bo‘yicha tuman maktablarida faoliyat yuritadigan o‘qituvchilarga uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘lsa-da, ammo ular deyarli bu vazifa bilan shug‘ullanmaydilar. Ularning asosiy faoliyati turli yuqori tashkilotlarning topshiriqlarini bajarish va maktablarni tekshirishdan iborat, ko‘pchilik metodistlar o‘zlarining asosiy vazifalarini unutib yuborishgan desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Bundan tashqari, metodistlar amalga oshiradigan ishlardan yana biri, bu o‘qituvchilar haqidagi turli xil ma’lumotlardan iborat jadvallar to‘ldirib, talab qiladigan tashkilotlarga yetkazib berishdir. Ana shu jarayonning tuman xalq ta’limi bo‘limi metodistlari tomonidan qanday amalga oshirilishini tashqaridan kuzatish esa ular faoliyati haqida xulosalar chiqarish imkonini beradi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi ijtimoiy fanlar uslubchisi Anvar Aliqulov, aytish mumkinki, elektron hukumat, ya’ni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan juda unumli foydalanadi. Telegram tarmog‘ida fan o‘qituvchilarining guruhi ochilgan bo‘lib, ta’limni boshqaruvchi yuqori tashkilotlardan beriladigan barcha topshiriqlarni o‘z vaqtida guruhga tashlab boradi, o‘qituvchilar esa topshiriqni bajarib, ijrosini zudlik bilan guruhga tashlashadi. Topshiriqlar o‘z vaqtida, ortiqcha tashvishlarsiz bajariladi. Boshqa fanlarda esa…

Boshqa fanlar metodistlari esa, hatto oddiy bir sertifikat, pasport yoki diplom nusxasi uchun ham tumandagi 70 ta maktabning fan o‘qituvchilarini zudlik bilan Xalq ta’limi bo‘limiga yig‘ilishga chaqiradi. Ba’zi maktablar tuman markazidan 30–40 chaqirim masofada joylashgan. Ba’zida bir dona sertifikat yoki diplom nusxasini olib borish uchun bir kun vaqtini, anchagina mablag‘ini sarflashadi. Maktabimizda deyarli har hafta ayrim fanlar o‘qituvchilari uchun mana shunaqa “chaqiruv”lar bo‘lib turadi. Va tabiiyki, boshqa fanlardan dars beradigan o‘qituvchilar bizning metodistimizga havas qilishadi… Direktor, direktor o‘rinbosarlari uchun esa bu hol ortiqcha dahmaza. Chunki bunday chaqiruvlar odatda o‘qituvchilarning metodik kunlari bo‘lsa-da, ammo ba’zan o‘qituvchi maktabda dars o‘tishi kerak bo‘lgan davrda ham XTBga chaqirib qolishadi. Buning ustiga agar o‘qituvchi mazkur yig‘ilishda qatnashmasa “Mudir nomiga direktor va o‘qituvchi ustidan bildirgi kiritilishi” haqida ogohlantirishadi. Ana shunday paytlari xayolimdan “Tuman xalq ta’limi bo‘limlari ta’lim tizimi uchun zarurmikan?” degan haqli savol o‘tadi…

Elektron hujjatlar aylanishi, buyruq va topshiriqlarni o‘z vaqtida maktablarga yetkazish uchun XTB tomonidan turli telegram guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bir qarashda bu yaxshi.

Ammo ayrim telegram guruhlari faoliyatiga nazar tashlasangiz, kuyishingizni ham, kulishingizni ham bilmaysiz.   

Sababi, XTB rahbarlari va metodistlar, hududiy kuratorlar maktablar uchun topshiriqlarni odatda telegram guruhlari orqali tashlashadi. Lekin yoki bilib, yoki bilmay, topshiriqlarni bajarish imkoniyatini o‘zlari barbod qilishadi. Masalan, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi yoki yuqori tashkilotlardan bugun, ertaga tushgacha bajarilishi kerak bo‘lgan topshiriq keldi. Topshiriq kelishi bilan maktablarga yetkazilsa, ertasi kuni ertalabdan mazkur topshiriqlarni bajarish mumkin. Ammo XTBdagi mas’ullar 80–90 foiz holatda topshiriqni soat 9-10 larda tashlab, soat 12 ga qadar bajarishni talab qilishadi. Bu paytda esa maktab rahbarlari va o‘qituvchilarning aksariyati ish jarayonida, ya’ni band bo‘lishadi. Oqibatda esa ertasiga topshiriqlarni bajarmagan maktablarning uzun ro‘yxati e’lon qilinib, direktorlari mudir nomiga bildirgi yozib, aybdorlardan tushuntirish xati yozdirib, XTBga yetib kelishi talab qilinadi… Hozirgi vaqtda XTBlarning faoliyati odatda mana shunday kechadi.

Endi esa 2022-yil 4-mart kuni yuz bergan voqea haqida to‘xtalib o‘tsam. Ma’lumki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz Prezidentining e’tiboridan so‘ng “Zakovat” intellektual o‘yinlariga qiziqish kuchaygan. Oliy ta’lim muassasalari, texnikum, kollej, litsey va maktablarda “Zakovat” klublari tashkil etilib, ular faoliyatiga rahbarlik qilish uchun koordinatorlar tayinlanmoqda. Maktabimiz tashkil etilganidan buyon o‘tkazilgan barcha “Zakovat” (maktabimizda “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazila boshlaganiga ham o‘n yildan oshibdi) o‘yinlarini men tashkillashtirib kelar edim. Shuning uchun bo‘lsa kerak maktabimiz rahbarlari maslahatlashib “Zakovat” koordinatorligini zimmamga yuklashdi. Men ham bajonidil rozi bo‘ldim.

4-mart kuni ertalabki yig‘ilishda “Zakovat” koordinatorlari uchun soat 15 da “Zoom” orqali yig‘ilish bo‘lishi aytildi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosariga yig‘ilish havolasini maktabimiz telegram guruhiga tashlab qo‘yishini va albatta qatnashishimni aytdim. Shunda ma’naviyatchimiz xijolatomuz, havola tashlanmaganini, XTBga borib qatnashishimiz kerakligini aytdi.

— Mas’uldan havolani so‘rab ko‘ring, yig‘ilish “Zoom” orqali bo‘lsa XTBga borishimiz shartmi? —   dedim.

Tanaffusda, darsdan chiqib, “O‘qituvchilar xonasi”ga kelsam, ma’naviyatchimiz yig‘ilish mas’uli bilan telefonda tortishayotganiga guvoh bo‘ldim. Xullas, yig‘ilish mas’uli XTBga borishim kerakligini, havolani bermasligini aytdi.

Direktor o‘rinbosari “Aka, bormasangiz bo‘lmaydi”, dedi. Mening ham o‘jarligim tutdi:

— Bormayman!

— Maktabga “minus” bo‘lmasin. Boring.

— Bormayman. Nima jazo bo‘lsa roziman, ammo bormayman. Byurokratligi o‘tmaydi. Onlayn yig‘ilishga barchani to‘plashi shartmi?

Xullas, yig‘ilishga bormadim. Salkam qirq yillik pedagogik faoliyatim davomida birinchi bor rahbarlarning topshirig‘ini bajarmadim. Ammo mazkur voqea tufayli xalq ta’limi bo‘limlarining ta’lim tizimi uchun umuman keraksiz tashkilot ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan hozirgi vaqtda tuman XTBlarning ta’lim tizimi uchun umuman foydasi ham, zarurati ham yo‘q.

Agar topshiriqlar viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri maktablarga tashlansa, tuman XTBlari tomonidan vujudga keltirilayotgan sun’iy to‘siqlar ham bartaraf etilardi.

Sizning fikringiz qanday, zamondosh, hamkasb?

Normamat ESHONQULOV,

Oltinsoy tumanidagi

63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi

ma’rifat.uz saytidan olindi

от Admin