Hamza Hakimzoda Niyoziy: Tarixiy haqiqat va asossiz mish-mishlar tahlili
XX asr boshlarida Hamza Hakimzoda Niyoziy o’zining ilg’or va sof teran fikrlari orqali jadidchilik harakatchilarining ichidan ajralib turgan. Biroq hozirgi kunlarda ushbu jadidning qilgan ishlari to’g’risida hech qayerda baralla aytilmaydi yoki aytilsa ham salbiy fikrlar bilan bolalaydi. Gapning isboti bilan degandek, Chilonzor yo’nalishidagi hozirgi “Novza” bekati dastlab, “Hamza” deb nomlangani (1977-2015), hozirgi O’zbek akademik drama teatri esa mustaqillikka erishganimizdan so’ng, 2001-yilda “Hamza” nomidan hozirgi nom bilan atala boshlangani, 2012-yilda Hamza shahri nomi Tinchlik nomiga oʻzgartirilgani, 2014-yil 29-avgustda Toshkent shahrining Hamza tumani „Yashnobod tumani“ deb oʻzgartirilgani bularga dalil sifatida keltirsak bo’ladi. Xo’sh, nega buyuk ma’rifatchi haqida bunday yolg’on ma’lumotlar aholi orasida ko’paygan? Nega Hamza nomi aytilganda uni jadidlar orasiga qo’shishdan or qila boshladik!? Uning nomi nega asta-sekinlik bilan olib tashlana boshlandi!? Mazkur maqola ayni mana shu mish-mishlarga keng ko’lamda oydinlik kiritadi.
Hamza Hakimzoda – o‘zbek shoiri, dramaturg, jamoat arbobi, O‘zbek SSR xalq shoiri (1926). U mumtoz she’riyat vaznini (Aruz) xalq she’riyati (Barmoq) vazni hisobiga to‘ldirgan. Hamza O‘zbekiston madaniyati tarixi rivojigda nafaqat shoir va dramaturg, balki teatr arbobi, bastakor va musiqachi sifatida ham sezilarli iz qoldirgan. 1889-yil 6-mart (ayrim manbalarga ko’ra, 22-fevral kuni) kuni tabib oilasida tug‘ilgan. Maktabda savod olgach, madrasada saboq oladi. Kambag‘allar uchun bepul maktab tashkil etadi va unda dars beradi. She’r yozishni 1899-yildan, o‘zbek ma’naviyatshunoslari Muqimiy va Furqatlar ijodidan ilhomlanib yoza boshlaydi. Hamzaning inqilob yillaridan oldingi asosiy asari o‘zbek va tojik tillarida yozilgan she’riy “Devon” (1905 – 1914) asari vafot etganidan so‘ng nashr etilgan. 1913-1914 yillarda Hamza chet ellarda, jumladan, Afg‘oniston, Suriya, Turkiya mamlakatlarida, Makkada sayohatda bo‘ladi. Mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar bilan tanishadi. Shoir xalqni o‘qitish, savodxon qilish uchun tinimsiz intilish, maktablar uchun darsliklar yozishni o‘ziga maqsad qilib oladi.
“Devon”ning ayrim g‘azallarida an’anaviy ayriliq sevgi timsoli bilan bir qatorda, ijtimoiy tengsizlik farqi mavjud. Hamzaning birinchi nashrdan chiqqan “Ramazon” (1914), “Yangi baxt” dostoni (1915), “Zaharlangan hayot” (1916) deb nomlangan asarlari ham ushbu mavzularga uyg‘unlashgan. Hamzaning 1917-yilga qadar bo‘lgan faoliyati va ijodi o‘z davri madaniy-ma’naviy hayoti, ma’rifatchilik va jadidchilik ta’sirida shakllanib, uning faol ishtirokchisi bo‘lganligini ko‘rsatadi. U jadidlarga ergashadi va jadidchilikning ilg‘or vakillaridan biriga aylanadi. Jadidlar otasi Ismoil G‘aspirali vafot etganda Hamza marsiya yozib, “Dod qil davri falaqdin, botdi xurshidi jahon”, deb yozdi. Munavvar qorini “muhtaram ustozi oliy”, “ma’naviy ota”, deb ataydi. Hamza bu davrda yangi maktablar uchun “Yengil adabiyot”, “O‘qish kitobi”, “Qiroat kitobi” kabi darsliklar yaratdi. 1915-yilda qo‘qonlik ma’rifatchilar bilan hamkorlikda usuli jadid maktablari uchun darsliklar nashr qilish, o‘quvchilarni Toshkent va boshqa shaharlarda bosmadan chiqqan darsliklar bilan ta’minlash maqsadida “G‘ayrat” kitobxonasi tashkil etadi. Bu kitobxonada Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Munavvarqorining “Adibi avval”, “Adibi soniy”, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniylarning darsliklari ham ko‘p nusxalarda bo‘lgan.
1916 – 1919-yillarda Hamza yettita she’riy to‘plamini nashr etadi, ularda shoirning inqilobiy-demokratik ma’naviyatshunoslik yo‘lidan inqilob jangchisi tomon o‘tgani seziladi. “Xushbo‘y atirgul” to‘plamidan joy olgan she’rlari o‘zbek tilidagi proletar she’riyatning ilk namunalariga aylandi. Shoir ijodida muhim o‘rinni ajoyib she’riy guldastalari – “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi” egallaydi. Bu umumiy nom ostidagi 7 she’riy to‘plamga 1915-1917-yillarda yaratgan she’rlari kiritilgan. Bu she’riy to‘plamlar: “Atir gul”, “Oq gul”, “Qizil gul”, “Pushti gul”, “Sariq gul”, “Yashil gul”, “Safsar gul”. Ularda xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini uyg‘otish, ilm-ma’rifatga da’vat etish g‘oyasi yetakchi edi.
Oktyabr inqilobidan so‘ng, 1917-yil Hamza Qo‘qon va Farg‘onada ishtirok etib, Turkiston frontida Qizil Armiyaga xizmat ko‘rsatuvchi sayyor teatr tashkillashtiradi, Turkfront Siyosat bo‘limida ishchi bo‘lib xizmat ko‘rsatadi, keyinroq tuman siyosat ma’naviyat bo‘limida ishlaydi. 1918-yil u o‘zbek sovet dramaturgiyasidagi ilk asar bo‘lgan “Boy ila xizmatchi” sahna asarini yaratadi.
Hamzaning “Maysaraning ishi” (1926), “Paranji sirlari” (1927) kabi asarlari ham juda mashhur bo‘lib, ularda o‘zbek ayolining inqilob yillaridan avvalgi achchiq hayoti haqida gapiriladi. Uning qalamiga bir necha o‘nlab qo‘shiqlar mansub. 1928-yildan unga nisbatan taʼqib va tazyiq koʻrsatila boshlaydi. Shu yili Shohimardonga yuboriladi. U yerda maktab, maorif ishlari, xotin-qizlar ozodligi masalalari bilan shugʻullanadi. Moddiy va maʼnaviy qiyinchilikni boshdan kechiradi. 1929-yil 18-martda Niyoziy Shohimardonda Hazrat Ali maqbarasi poyida oʻldirilgan. Hamza oʻlimi haqida tarixchilar turlicha fikr bildirgan. Ayrimlar u millatchilar va islom fundamentalistlari tomonidan toshboʻron qilib oʻldirilganligini taʼkidlashsa, yozuvchi Nabijon Boqiy Hamzaning oʻlimi haqida shunday deydi: ”…Qotillik boʻlgan, lekin qotillikni uyushtirganlar boshqa, jazolanganlar boshqa. Dindorlar jazolanadi. Dindorlarning aloqasi yoʻq. Aroq ichib, nasha chekib yurgan odam dindor boʻladimi? Ular dindan chiqib ketgan odamlar. Hamzaning oʻlimiga dindorlarning aloqasi yoʻq. Lekin oʻshanda Hamza bahonasida dindorlar mahv etilgan. Majaqlab, yanchib tashlangan…” Hamzaning bir guruh mutaassiblar tomonidan o‘ldirilishi sho‘ro mafkurasida uning ijodini sinfiylik-partiyaviylik tamoyillariga asoslanib baholash uchun mezon bo‘ldi. Uni ma’naviy zamindan yulib olib, o‘zi mansub bo‘lgan jadidchilik harakatiga, uning namoyandalariga qarshi qo‘ydilar, o‘zbek sho‘ro adabiyoti va san’atining yagona asoschisi sifatida talqin va taqdim etdilar. Bu g‘ayriilmiylikning eng yuqori namunasi sifatida Hamzaga bag‘ishlangan 17 seriyali “Olovli yo‘llar” filmini ko‘rsatish mumkin. Uydirmalar asosiga qurilgan bunday asarlar Hamzaga nisbatan hurmat-ehtiromni oshirish o‘rniga unga bo‘lgan ishonch va e’tiqodga putur yetkazdi. “Olovli yo’llar” kinoromanining rejissori marhum Shuhrat Abbosov o’zining 2011-yil, yanvar oyidagi “KUN.uz” ga bergan intervyusida shunday fikrlar aytgan:
“- Ikki davrda yaratilgan ikki filmingiz – “Olovli yo‘llar” va “Otamdan qolgan dalalar”ning mavzusi, mafkurasi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Birida sho‘ro mafkurasi ulug‘lanib, xalqning istibdodga qarshi kurashgan farzandlari – bosmachi, jadid, deya tahqirlansa, ikkinchisida xuddi o‘shalar – milliy ozodlik harakati vakillari, xaloskorlar, deya ko‘kka ko‘tarilib, aksincha, oldingi filmdagi “qahramonlar” bunisida ayovsiz fosh etiladi. Kechirasiz-u, bunda prinsip masalasi qayda qoldi?
-(O‘ylanib) Endi-i, gap bunday, o‘g‘lim. Men ham o‘z vaqtida ko‘p qatori o‘sha sovetning ideologiyasiga ishonganman, asl haqiqat shunday bo‘lsa kerak, deya o‘ylaganman… Tarix o‘zgardi, undagi voqealar ham, eng muhimi – talqin o‘zgardi. Menam odamman, meniyam ongimni teskari tomonga qarab burganlar. Keyin Mustaqillik sabab meniyam ko‘zim ochildi-da. Bugun o‘sha o‘zim tasvirlagan inqilobni eslasam, ich-ichimdan ijirg‘anib ketaman. Bilasizmi, hech qanday inqilob – berilgan qurbonlarni o‘ylasak, arzimas narsa ekan…”
Intervyuga e’tibor bersak, film o’sha davr asnosida yaratilgan, ammo begunoh bir jadidning nomi toptalgani qoldi xolos. Nega aynan film haqida gapirilyotganing sababi shundaki, film juda katta manipulyatsiyaga va ochiq qora propagandaga aylangani va o’z navbatida bu aholi ongini bir muncha zaharlanishiga zamin yaratgan desak mubolag’a bo’lmaydi, nazarimda.
Mashhur yozuvchi, olim, professor Nabijon Boqiy “Ishonch.uz” saytiga bergan intervyusida shunday eslaydi: “Mustaqillik bayrami arafasida taxminan 26-28-avgust kunlari 8 betli “Xalq so’zi” gazetasining birinchi sahifasida Hamza Hakimzoda Niyoziy haqida asossiz tuxmat va bo’htonlar yozilgan edi. O’sha davrda Prezident Islom Karimovga ham yuqoridagi tashkilot rahbarlari Hamza haqida yolg’on ma’lumotlar berishgan va Prezidentning o’zi ham “Xalq so’zi” gazetasini o’qigan bo’lsa kerak, sababi o’sha kunlari Mustaqillik bayramiga yaqin bir qator rahbarlar taqdirlangani va Prezident ham buni qiziqib o’qigani sababdir”. Suhbat davomida aytiladiki, Nabijon Boqiy ushbu maqolaga iddao sifatida o’zi ham maqola yozadi va uni uyushmaga olib borib, e’lon berishga olib boradi. Buni qarangki, bu maqola bu yerda chop etilmasdan, boshqa nashrlarda chop etiladi va shov-shuv bo’ladi. Maqolada shu darajada jirkanch gaplar ketganki, hatto “Hamza” degan odamni aytishga jirkanadi deb yozilgani yaqqol isbotidur.
Aynan shu saytga pedagogika fanlar doktori, professor Qozoqboy Yo’ldoshev bergan intervyusiga yuzlanadigan bo’lsak, 1989-2016-yillardagi rahbariyat kayfiyat xohishi bilan ish ko’rishini aytadi. Bizning kattalarimizga qaysidur “bilimli” olim, tarixchi yolg’on ma’lumotlar berganini, Hamza sovetchilarga ishlaganini keltiradi. Gapining davomida yana aytadiki, afsuski maktablarimizda, oliy o’quv yurtlarda, ilmiy-tadqiqot ishlarida ham Hamza juda kam o’rganilayotaganini va bu bilan o’zbek xalqi o’zini o’zi jazolayotganini aytadi.
Tahlil davomida yana bir intervyuga yuzlanadigan bo’lsak, fiologiya fanlar nomzodi, dotsent Shermuhammad Omonovning O’zbekiston milliy agentligining rasmiy saytiga bergan intervyusida shunday degandi: “E’tiborli jihatlardan biri shundaki, jadid namoyondalari bir qator sanalganda negadir Hamza Hakimzoda Niyoziy nomi tushib qoladi. Vaholanki, asr boshlarida O’zbekiston Qahramoni Ozod Sharaffidinov o’zining “Istibdod qurboni yohud o’zligidan mahrum etilgan shoir” maqolasida, Hamza Hakimzoda Niyoziy Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Behbudiy, Fitratlar qatorida turishga loyiq ekanini ta’kidlagan edi. Bahor oylari kelishi bilan, ayniqsa, 8-mart arafasida bizning talabalarimiz o’rtasida Hamza haqida turli bo’hton ustiga qurilgan savollar bolalaydi: Paranji tashatirganmi? Hamzani qabr qabul qilmaganmi? Men ilmiy izlanishlarim natijasida shuni aytishim mumkinki, Hamza ijodi Alisher Navoiychalik o’rganilmagan ekan. 1930-yilda adabiyotni mafkuralash siyosati boshlandi. Bunga Hamzadan yaxshi nomzod yo’q edi, chunki Hamza vafot etib bo’lgandi. Uni ijodini xohlagancha toptalish mumkin edi, xohlagancha buzib talqin qilish mumkin edi. Hamzani asarlari 1939-yildan boshlab chop etila boshlangan va bu 1990-yilgacha davom etgan. Hech bir adibning asarlari bu darajada o’rganilmagan edi o’sha paytda, asarlari esa bir necha marotaba qayta nashr qilinavergan. Misol qilib esa, 60 yilligi munosabati bilan 2 tomlik akademik nashri, 90 yilligida mukammal asarlar to’plami 4 tomlik yoki 100 yilligi munosabati bilan 5 tomlik to’la asarlari nashr etilgan va Hamza asarlar 2 tomlik katalogi ham bundan mustasno emas, lekin mustaqillikdan keyin 3-tomi nashr etilmay qolib ketgan. Mana shu asarlarni o’rganish jarayonida esa bularning birontasi talab darajasida nashr etilmaganini guvohi bo’ldim. Shu qatori bir narsani aytishim kerakki, Hamza 1912-1914-yillar 22-23 yoshlarida haj amaliga otlanadi. Islom dinining eng ulug’ arkoni bo’lgan haj amalini bajargan jadidimizni nega yillar davomida va hatto hozir ham dinsiz bo’lgan, atesist bo’lgan deyishimiz aqlga sig’maydigan narsa.
“Xalq so’zi” gazetasining 2014-yil 23-avgust kuni nashr etilgan sonini tahlil qilish jarayonida quyidagi jirkanch gaplarga insoni ko’zi tushadi: “Xalqimiz iborasi bilan aytganda, hamma narsaning ismi jismiga mos bo‘lgani ma’qul. Bugungi kunda butun yurtimiz kabi Toshkent shahri ham tobora ochilib, yangilanib bormoqda. Uning tumanlari, ko‘chalari, mahalla va guzarlariga qo‘yilgan yangi nomlar albatta har tomonlama yarashadi. Lekin ochiq tan olishimiz kerak, ana shu nomlarni faxr bilan sanaganimizda, afsuski, bir tumanning nomiga kelib, tilimiz andak tutilib, to‘xtalib, o‘zimizda qandaydir noqulaylanish sezishimizni ochiq aytish lozim. Bu — Hamza tumanining nomi. Ma’lumki, Hamza Hakimzoda Niyoziy o‘z vaqtida lirik she’rlar, g‘azallar, ma’rifiy kitoblar, dramalar muallifi sifatida tanilgan. Ayni paytda u yurtimizda sho‘rolar hokimiyati o‘rnatilganidan so‘ng mustabid tuzum mafkurasining kurashchisi va targ‘ibotchisiga aylangan, vafotidan keyin esa uzoq yillar davomida “o‘zbek sovet adabiyoti va madaniyatining asoschisi” kabi balandparvoz ta’riflar bilan soxta ulug‘lab kelingani ham haqiqat.” E’tibor berib qarasak, oddiygina mana shu jumlalar orqali shoirning sha’nini osongina toptalishiga yaqqol dalildir. Yana maqolani o’qir ekansiz, Hamza o’z ayoliga nisbatan salbiy qarashlari haqida quyidagi gaplarni tezda o’qiysiz:” O‘rni kelganda aytish joizki, Hamzaning xotin-qizlarga, jamiyat tayanchi bo‘lgan oilaga shaxsiy munosabati ham ibrat oladigan darajada emas edi. U birinchi xotini — Aksinya Uvarovadan 1915-yil 1-fevralda qiz farzand ko‘radi. Savdoxon deb ism qo‘yilgan qizaloq bir yoshga ham to‘lmasdan vafot etadi. Hamza rus xotinidan ajrashgach, Hanifa ismli qiz bilan ishqiy munosabatda bo‘ladi. 1923-yil Zaynab Ahmadjonova degan ayolga uylanadi. Bu oilasidan Abboshon ismli o‘g‘il ko‘radi. Abboshon Ikkinchi jahon urushida halok bo‘ladi.”
“Ishonch.uz” saytining 2024-yil 29-fevraldagi suhbatini o’rganilar ekan, filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori, dotsent Azimjon Davronov aytishicha: “Hamza tavalludiga 135 yil to’ladi, ammo bu tavallud yiliga bag’ishlab biror bir konferensiya, tadbir o’tkazilgani haqida eshitmadim. Mana yaqinda “Jadid” gazetasi ish boshladi va gazeta nashrlarida Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Behbudiy, Cho’lponlar qatorida negadir Hamza Hakimzoda Niyoziy tilga olinmagan. Mustaqillik yillarida adabiyot sohasida salmoqli ijod qilgan Begali Qosimov, Ozod Sharaffidinov, Naim Karimov, Salohiddin Mamajonov va boshqa katta olimlar ham Hamza ijodi haqida juda yuqori va xolis fikrlar aytishgan. Bundan 2 yillarcha oldin Hamza to’g’risida dissertatsiyani himoya qilish oldida televideniyeda Hamza haqida ko’rsatuv tayyorlash uchun ruxsat so’raganimda, Hamza to’g’risida ko’rsatuv tayyorlashga rad javobini berishdi. Sabab qilib esa, yuqoridan ruxsat yo’qligini aytishdi.
Mana shu suhbatning yana bir korrespondenti tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov shunday gaplarni aytadi:” Sovet davrida Hamzaning “Yasha Sho’ro” degan she’ri bo’lgan. Aslida esa bu she’r “Yasha Turon” edi. Yaqinda bir farg’onalik shogirtimiz Hamza haqida dissertatsiya yoqlash jarayonida mana shu she’rning asl variantini ya’ni arabchada yozilganini topib o’rganganini ta’kidlagan edi. Asl arabcha yozuv bilan yozilgan matnida esa “Yasha Turon” deb kelganini ko’rishmiz mumkin.
Xulosa qilinib aytiladigan bo’lsa, bularning barchasi ochiq qora provakatsiya deb bemalol aytish mumkin. Yuqoridagi muhokama qilingan va keltirilgan bir nechta dalillarga asoslanadigan bo’lsak, Hamza Hakimzoda Niyoziy haqiqiy o’zbek millati uchun kerak bo’lsa Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Behbudiylardanam ko’proq qayg’urgan jadidimizdir. Ammo uni aqlga sig’mas quruq tuxmat-u bo’htonlar bilan mag’zava ag’darish bizdek buyuk millatga yarashmaydigan ishdir. Gapimiz so’nggida esa Hamzaning quyidagi misralarini keltiramiz:
“…Bu na vahshat, na jaholat er, qiz-u pir-u javon,
Domi g‘aflatdin xalos o‘lmoqqa imkon istamas,
Ey Nihon, bing hayf et insoniyat, islomiyat,
Millati xor o‘lmag‘in hech nomusulmon istamas,
Uxlama o‘zbek eli asri taraqqiy vaqtida.”
Foydalanilgan adabiyot va manbalar ro’yhati
- https://tafakkur.net/dardiga-darmon-istamas/hamza-hakimzoda-niyoziy.uz
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Hamza_Hakimzoda_Niyoziy
- https://jadid.uz/jadids/hamza-hakimzoda-niyoziy/
- https://kun.uz/news/2020/01/16/hayot-ummonida-baliqcha-emas-nahangdek-suzdim-shuhrat-abbosovning-hayot-chizgilari
- https://t.me/sputnikuzbek
- https://arboblar.uz/uz/people/khamza-khakimzade-niyazi
- https://youtu.be/QC8pUmARQEo?si=25mM2GBVXT_KH-Rj
- https://youtu.be/Pc-evwo3aLk?si=mhBnFUsGCgy1ki6A
- https://youtu.be/ZeqePzCwiSw?si=LfZI1YQ3HZuV_T4F
O’ZJOKU 2-kurs talabasi Izzatilla Zohidjonov
Ozodlik yo’lchisi
3 janrni o’zida mujassam qilgan shoh asar
Behbudiy ijodida teatr san’ati
Наманган вилоят маъмурий суди: йил сарҳисоби
Ҳимоя ордери ҳақида
MEHNAT QONUNCHILIGINING MILLIY VA XALQARO HUQUQIY ASOSLARI
Hamza Hakimzoda Niyoziy: Tarixiy haqiqat va asossiz mish-mishlar tahlili